“INSIGHT SOLUTIONS” MChJ Korporativ ahloq kodeksi
1. Umumiy qoidalar.
1.1. Korporativ axloq kodeksi (keyinchalik – “Kodeks” deb yuritiladi) kasbiy ahloq va ichki korporativ xulq-atvorning umumiy tamoyillari, me’yorlari va qoidalari majmui bo’lib, ularga “Insight Solutions” MChJning (keyinchalik – “Kompaniya” deb yuritiladi) barcha Xodimlari, egallab turgan mavqeidan qat’iy nazar amal qilishi shart.
1.2. Kodeksning qoidalariga Jamiyat xodimlari nafaqat ish vaqtida, balki Jamiyat manfaatlariga daxldor bo’lmagan ishdan tashqari tadbirlarda yoki Jamiyat Xodimlari uchinchi shaxslar tomonidan Jamiyat vakillari sifatida qabul qilingan taqdirda ham rioya qilishlari shart.
1.3. Kodeks Jamiyatning ichki hujjati bo’lib, shaxsiy va jamoaviy xatti-harakatlarning asosiy meyorlari va qoidalarini belgilaydi. Jamiyat xodimlari, shuningdek uning boshqaruv va nazorat organlari a’zolari Kodeks qoidalariga rioya qilish uchun barcha zarur choralarni ko’rishlari shart.
1.4. Kodeks quyidagilarning amalga oshirilishiga mo’ljallangan:
- Kompaniyaning strategik maqsadlarini amalga oshirish;
- Kompaniya jamoasida yagona ijobiy xulq-atvor va korporativ ruhni shakllantirish;
- Kompaniyaning sheriklar, kontragentlar, investorlar va jamiyatdagi boshqa manfaatdor tomonlar o’rtasida obro’sini mustahkamlash;
- Kompaniyaning davlat, tashkilotlar va fuqarolar bilan ochiq va ishonchli munosabatlarini rivojlantirish;
- Jamiyat xodimlarining mehnat vazifalarini bajarish samaradorligini oshirish;
- Kompaniyaning texnologik salohiyati va daromadini saqlash hamda oshirish.
1.5. Kodeks Kompaniyaning missiyasi va strategik maqsadlariga erishishga yo’naltirilgan.
1.6. Kodeks Jamiyatning mahalliy meyoriy hujjatlari, shuningdek quyidagi xalqaro va meyoriy-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq ishlab chiqilgan:
- 10.12.1948-yildagi Inson huquqlari xalqaro deklaratsiyasi;
- 30.04.2023-yildagi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
- 03.01.2017-yildagi O’zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi O’RQ-419-son Qonuni;
- 26.08.2008-yildagi O’zbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizm va ommaviy qirg’in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to’g’risida”gi 660-II-son Qonuni.
- 06.05.1993-yildagi O’zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi 839-XII-son Qonuni;
- 09.12.1992-yildagi O’zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to’g’risida”gi 754-XII-son Qonuni;
- O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi.
2. Atamalar va ta’riflar.
2.1. Jamiyat – “Insight Solutions” MChJ;
2.2. Xodim – Jamiyat bilan mehnat shartnomasi yoki xizmat ko’rsatish bo’yicha fuqarolik-huquqiy shartnomasini tuzgan jismoniy shaxs;
2.3. Hamkor – quyidagi shaxslardan biri hisoblanadi:
- Jamiyat bilan tovar yetkazib berish va/yoki xizmatlar ko’rsatish to’g’risida shartnoma tuzgan yoki Jamiyat bilan yuqorida ko’rsatilgan shartnomani tuzish niyatida bo’lgan Jamiyat mijozi;
- ijrochi va/yoki yetkazib beruvchi yoki Jamiyat bilan shartnoma munosabatlariga ega bo’lgan yoki Jamiyat bilan shartnoma tuzmoqchi bo’lgan boshqa Korxona/jismoniy shaxs.
2.4. Sherik xodimi – Sherik bilan mehnat shartnomasi yoki xizmat ko’rsatish bo’yicha fuqarolik-huquqiy shartnomasini tuzgan jismoniy shaxs;
2.5. DHO – davlat hokimiyati organi va (yoki) uning xodimlari;
2.6. Korxona – har qanday tashkiliy-huquqiy hamda mulkchilik shaklidagi kompaniya va (yoki) uning xodimlari.
3. Jamiyatning missiyasi, maqsadi va kelajakka qarashi.
3.1. Jamiyatning missiyasi eng saralangan xizmatlarni taqdim etish va Xodimlarning malakasini uzluksiz ravishda rivojlantirish orqali mijozlarga innovatsion IT-yechimlarni joriy etishda yordam berishdir.
3.2. Jamiyatning maqsadi zamonaviy texnologiyalarni jamiyat hayotiga tatbiq etish orqali O’zbekiston Respublikasining muvaffaqiyatli texnologik rivojlanishiga hissa qo’shishdan iborat.
3.3. Jamiyatning kelajakka qarashi – mijozlarning har qanday texnologik topshiriqlarini sara darajadagi xizmat ko’rsatish orqali hal qilishga qodir professionallar jamoasini birlashtirish hamda O’zbekiston Respublikasidagi eng yirik IT-integratoriga aylanish.
4. Korporativ qadriyatlar.
4.1. Jamiyat quyidagi korporativ qadriyatlarga amal qiladi va foyda olish maqsadida ulardan chetga chiqmaydi:
- 4.1.1. Jamoa. Belgilangan vazifalarni bajarish va shaxsiy cho’qqilarga erishish uchun umumiy maqsad sari intilayotgan va korporativ qadriyatlarga sodiq bo’lgan hamfikrlarning do’stona va uyushgan jamoasi;
- 4.1.2. Mas’uliyat. Jamiyat o’z majburiyatlarini to’liq, o’z vaqtida va sheriklari bilan kelishilgan shartlarda bajarishga intiladi;
- 4.1.3. Professionallik. Jamiyat zamona uchun dolzarb bo’lgan xizmatlarni ko’rsatish va mijozlarga axborot texnologiyalari sohasida eng sara yechimlarni taklif qilish uchun so’nggi texnologik tendensiyalarni hisobga olgan holda har bir Xodimning kasbiy fazilatlarini rivojlantirishga intiladi;
- 4.1.4. Xolislik va qonuniylik. Jamiyat qo’yilgan vazifalarni bajarishda ochiq, halol va shaffof bo’lishga, shuningdek, Jamiyat faoliyatiga oid barcha huquqiy-me’yoriy hujjatlarga rioya qilishga intiladi;
- 4.1.5. Ilg’or faollik. Jamiyat muvaffaqiyatli natijaga intiladi va o’z istaklariga erishish uchun bor kuchini sarflaydi;
4.2. Jamiyat o’z Sheriklari obyektlarining ishonchli va xavfsiz ishlashini kafolatlash uchun barcha zarur tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, unga yetkazib beriladigan tovarlar va xizmatlarning (ishlarning) maksimal darajada ishonchli va uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlashga intiladi.
4.3. Har bir xodim, uning jinsi, yoshi, terisining rangi, millati va mavqeidan qat’iy nazar, Jamiyat uchun qadrlidir. Shu sababli, barcha Xodimlarga ularning muvaffaqiyatli va samarali faoliyat ko’rsatishi, kasbiy rivojlanishi va martabalarining o’sishi uchun teng imkoniyatlar yaratilgan.
Jamiyat kadrlar salohiyatini (jumladan, boshqaruv xodimlarini) shakllantirishda haqqoniylik va xolislik tamoyillariga amal qiladi. Xodimlar yuqori lavozimlarga faqat kasbiy fazilatlari asosida tayinlanadi yoki o’tkaziladi.
Jamiyat o’z Xodimlarining malakasini doimiy ravishda oshirib boradi hamda milliy va xalqaro standartlarga mos kelishi uchun barcha zarur choralarni ko’radi.
4.4. Jamiyat Sheriklari oldidagi o’z majburiyatlarini bajarish uchun barcha zarur choralarni ko’radi, shu sababli Jamiyat daromadlilikni doimiy ravishda oshirib borishga intiladi.
4.5. Jamiyat o’z faoliyatini xalqaro hujjatlar, O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Jamiyatning mahalliy hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
5. Xodimlarning xulq-atvori tamoyillari.
5.1. Jamiyat xodimlarining xulq-atvor tamoyillariga quyidagilar kiradi:
- 5.1.1. Sifat va professionallik. Jamiyat va Xodimlar o’z faoliyatida eng yuqori sifatga intilishadi va yuqori professional standartni saqlab turishadi. Xodimlar o’z majburiyatlarini bajarishda layoqatsizlikka yoki mas’uliyatsizlikka yo’l qo’ymaydilar;
- 5.1.2. Manfaatlar to’qnashuvi. Xodimlar manfaatlar to’qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo’lgan vaziyatlardan qochishadi va agar bu kabi vaziyat yuzaga kelsa, Xodimlar ushbu Kodeksga va Jamiyatning ichki mahalliy hujjatlariga muvofiq harakat qiladilar;
- 5.1.3. Qonunlarga rioya qilish. Jamiyat va Xodimlar doimo Jamiyat va/yoki uning filiali/vakolatxonasi/hududiy birligi faoliyat yuritadigan har bir mamlakatdagi qonunlar va meyoriy hujjatlarga amal qiladi;
- 5.1.4. Mas’uliyat. Xodimlar o’z xatti-harakatlari uchun javobgar bo’lib, o’z ishlarini doimiy ravishda yaxshilashga intiladilar;
- 5.1.5. Hamkorlik va Jamoaviy faoliyat. Xodimlar hamkorlikni qadrlaydilar va umumiy maqsadlarga erishish uchun jamoaviy faoliyat ruhini qo’llaydilar;
- 5.1.6. Halollik va xolislik. Xodimlar o’z vazifalarini halollik va xolislik asosida amalga oshiradilar. Manipulyatsiya, aldash, o’g’irlik yoki boshqa nomaqbul xatti-harakatlarga yo’l qo’yilmaydi;
- 5.1.7. Maxfiylik. Xodimlar Sheriklardan olingan va Jamiyat doirasidagi ma’lumotlarning maxfiyligini qat’iy ravishda saqlaydilar. Jamiyat/Sheriklarning tegishli ruxsatisiz maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishga yo’l qo’yilmaydi;
- 5.1.8. Hurmat va Qadr-qimmat. Xodimlar xilma-xillik va inklyuziyani hurmat qilgan holda, insonlarning irqi, jinsi, dini, yoshi yoki boshqa xususiyatlaridan qat’iy nazar, ularning har biriga hurmat bilan munosabatda bo’ladi. Kamsitish, ta’qib qilish yoki har qanday nomaqbul xatti-harakatlarga yo’l qo’yilmaydi;
- 5.1.9. Atrof-muhitga g’amxo’rlik. Xodimlar ekologik barqarorlik tamoyillariga amal qiladi va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga intiladi.
5.2. Jamiyat Xodimlari o’z xizmat vazifalarini katta mas’uliyat bilan bajaradilar, har qanday beparvolik ko’rinishlariga yo’l qo’ymaydilar. Har bir Xodim o’z harakatlari va qarorlari uchun shaxsan javobgardir va u o’z javobgarligini boshqa Xodimlar zimmasiga yuklashga haqqi yo’q. Har bir Xodim o’z ixtiyorida bo’lgan Jamiyat resurslaridan samarali ravishda, tejamkorlik bilan va faqat ish maqsadlarida foydalanadi.
5.3. Sheriklar bilan o’zaro aloqa uzoq muddatli hamkorlikka asoslanadi. Jamiyat bilan o’zaro munosabatlarda ustun mavqeini suiiste’mol qilish yoki adolatsiz raqobatni namoyon qilishga yo’l qo’yib bo’lmaydi.
5.4. Boshqaruv qarorlari va Xodimlarning xatti-harakatlari Jamiyatning ijobiy imidjini saqlashga, shuningdek, Xodimlarning harakatlari Jamiyatning biznes doiralardagi obro’siga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan holatlarni oldini olishga qaratilgan bo’lishi kerak.
5.5. Xodimlar axborotni oshkor qilish to’g’risidagi qonunchilik talablarini inobatga olgan holda, yo’qolishi (sizib chiqishi) Jamiyatga zarar yetkazishi mumkin bo’lgan har qanday maxfiy ma’lumotlarning (jumladan, tijorat sirini tashkil etuvchi va insayder ma’lumotlari) himoya qilinishini ta’minlaydi. Tijorat siri rejimini buzish O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Jamiyatning mahalliy meyoriy hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishga sabab bo’ladi.
5.6. Xodimlarning o’zaro hurmat asosida hamkorlik qilishi, shaxsiy hayot va inson qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga e’tiborli bo’lishi talab qilinadi. Xodimlarning bir biriga, Jamiyatning qadriyatlari va an’analariga, Sheriklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo’lishi ochiq, adolatli va bag’rikeng ish muhitini yaratishga imkon beradi.
5.7. Faoliyatning ishonchliligi va xavfsizligiga tahdid soladigan intizom va axloq qoidalarini buzish Jamiyatda qabul qilinishi mumkin emas, shu jumladan:
- Jamiyat va/yoki boshqa xodimlarning manfaatlarini buzuvchi kelishilmagan qarorlar;
- mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda bajarmaslik va (yoki) sifatsiz bajarish;
- Jamiyat to’g’risidagi maxfiy, insayder(ichki) yoki tijorat siri ma’lumotlarini oshkor qilish;
- spirtli ichimliklar, giyohvandlik moddlarini iste’mol qilgan holda yoki intoksikatsiya holatida bo’lib turib ish joyiga kelish;
- mehnatni muhofaza qilish talablariga beparvolik bilan qarash yoki qasddan rioya qilmaslik;
- xodimlarga nisbatan kamsitishning har qanday shakli va Jamiyatning hamkasblari, sheriklari yoki raqobatchilariga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo’lish.
5.8. Jamiyat xodimlari o’z faoliyatini amalga oshirish jarayonida korrupsiya, tijoratda pora evaziga og’dirib olish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, raqobatbardosh bo’lmagan xatti-harakatlarni amalga oshirish, firibgarlik va boshqa har qanday shakl va ko’rinishdagi suiiste’molliklarni to’liq rad etish strategiyasiga rioya qilishlari shart.
6. Sheriklar bilan o’zaro hamkorlik tamoyillari.
6.1. Xodimlar Sherik va Jamiyat o’rtasidagi har qanday bitim tuzilishi davomida Sherik tarafning hech bir Xodimi bilan moliyaviy yoki boshqa munosabatlarda bo’lish huquqiga ega emas. Xodimning Sherik Xodimi bilan oilaviy munosabatlari bo’lgan taqdirda yoki Xodimning Sherik Xodimi bilan manfaatlar to’qnashuviga olib kelishi mumkin bo’lgan boshqa turdagi munosabatlari bo’lganda, Xodim bunday holatlar yuzasidan o’zining bevosita rahbarini xabardor qilishi shart.
6.2. Xodimlar har qanday Xodimning Sherikka nisbatan qaroriga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko’rsatishi mumkin bo’lgan har qanday vaziyatda sheriklardan sovg’alar, sayohat to’lovlari, ovqatlanish, ko’ngilochar turdagi xarajatlari uchun to’lovlarni yoki moddiy/nomoddiy manfaatlarni qabul qilishlari mumkin emas.
6.3. Xodimlar hech qanday tijoratda pora evaziga og’dirib olish bilan shug’ullanishi yoki Sherik bilan kelishuvga kirishgan holda har qanday Sherik Xodimini, uning oilasi yoki do’stlarini boshqa yo’l bilan rag’batlantirishi mumkin emas. Xodimlar O’zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi qonunchiligiga rioya etishlari shart. Har qanday kelishuv sodir bo’layotganida, Xodimning har qaysi DHO, Korxona yoki jismoniy shaxsga bevosita o’zi yoki uchinchi shaxs orqali qimmatli narsalarni taqdim etishi mumkin emas.
6.4. Kodeksda belgilangan sovg’alarni qabul qilish bo’yicha cheklovlar quyidagi hollarda qo’llanilmaydi:
- Jamiyatning kontragentlari va mijozlaridan sovg’a sifatida korporativ suvenir mahsulotlarning (qalamlar, bloknotlar, kundaliklar va boshqalar) berilishi;
- rasmiy yoki boshqa tadbir (konferensiya, davra suhbati) davomida, har bir ishtirokchiga qaysi tashkilot vakili ekanligidan qat’iy nazar, bir xil sovg’a berilishi.
6.5. Har qanday taqiqlangan sovg’alar Xodimlar tomonidan rad etilishi kerak.
6.6. Agar sovg’aning qabul qilinishiga shubha tug’ilsa yoki sovg’a bo’yicha chora ko’rishga oid boshqa har qanday savollar yuzaga kelsa, Xodim bu haqda Jamiyat rahbariyatiga tushuntirish so’rab murojaat qilishi zarur.
6.7. Jamiyat Xodimlari egallab turgan lavozimlari yoki bajarayotgan mehnat (xizmat) vazifalari nuqtai nazaridan biznes sovg’asini olishning barcha holatlari to’g’risida bevosita rahbarini xabardor qilishlari shart.
7. Mehnat xavfsizligi va xodimlar salomatligini muhofaza qilish.
7.1. Rahbariyat o’z Xodimlari uchun eng xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashi shart. Barcha Xodimlar xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishlari zarur:
- xavfsizlik meyorlari va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya qilish;
- hamkasblari va bo’ysunuvchi xodimlardan xavfsizlik meyorlari va mehnatni muhofaza qilish talablariga so’zsiz rioya qilishni talab qilish.
7.2. Agar Xodimning sog’lig’i yoki hayotiga tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelsa, u darhol rahbariyatni bu haqda xabardor qiladi, rahbariyat esa o’z navbatida, mazkur holat nazorat organlari tomonidan tasdiqlanganidan so’ng ishni to’xtatib turishi hamda mavjud tahdidni bartaraf etish choralarini ko’rishi shart.
7.3. Xodimlar ish joyidagi mehnat sharoitlari va xavfsizlik holati to’g’risida ma’lumotlarni talab qilib olish huquqiga ega va rahbariyat esa bularni taqdim etishga majburdir.
7.4. Rahbariyat mehnatni muhofaza qilishning zamonaviy vositalarini joriy etishi hamda ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar va kasbiy kasalliklarini oldini oladigan sanitariya-gigiyena mehnat sharoitlarini ta’minlashi shart.
8. Atrof-muhitni muhofaza qilish.
8.1. Sheriklarni tanlashda Jamiyat ularning mehnat xavfsizligi, salomatlik va atrof-muhitni muhofaza qilish darajasiga e’tibor qaratadi.
8.2. Tadbirkorlik faoliyati jarayonida tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga erishish uchun Jamiyat quyidagi tamoyillarga amal qiladi:
- biosfera va uning ekologik tizimlarining inson yashash muhiti sifatida barqarorligini saqlash hamda insonlarning ekologik xavfsizligi, inson genofondi va uning kelajak avlodlari haqida g’amxo’rlik qilish;
- fuqarolarning yashash uchun qulay tabiiy muhitga ega bo’lish huquqini, barcha turdagi ta’lim muassasalarida majburiy ekologik ta’lim berilishini ta’minlash;
- jamiyatning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy manfaatlarining ilmiy asoslangan uyg’unlashuvi;
- atrof-muhitni boshqarishning maxsus turining to’lov asosida yuritilishi va umumiy turining esa bepul amalga oshirilishi;
- ekologik ekspertizaning majburiyligi;
- atrof-muhitni oqilona boshqarish va tabiat muhofazasini rag’batlantirish;
- tabiiy resurslarni qayta ishlab chiqarish, tabiiy muhit va inson salomatligi uchun zararli, oldini olish mumkin bo’lmagan oqibatlarini bartaraf etish zarurati;
- tabiatni muhofaza qilish vazifalarini hal etishda shaffoflik;
- tabiatni muhofaza qilish sohasidagi milliy, mintaqaviy va xalqaro manfaatlarning uyg’unligi;
- tabiatni muhofaza qilish bo’yicha qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik.
9. Korrupsiyani oldini olish.
9.1. Jamiyat korrupsiyaning har qanday ko’rinishini oldini olish uchun barcha choralarni ko’rishi shart bo’lib, u shu bilan birga o’z Sheriklaridan ham mazkur tamoyillarga amal qilishini talab qiladi. Jamiyat Xodimlari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etishga undash maqsadida ularga tushgan barcha murojaatlar to’g’risida xabar berishi shart.
9.2. Jamiyat korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish bo’yicha doimiy ish olib bormoqda.
- Jamiyatda DHO, korxona yoki jismoniy shaxsning qarorlariga noqonuniy ta’sir ko’rsatishning har qanday shakllari, jumladan, poraxo’rlik, taqiqlangan sovg’alarni taklif qilish, qarindoshlarini ishga joylashtirish, DHO so’roviga binoan xayriya yoki homiylik yordamini ko’rsatish kabilar qabul qilmaydi;
- Xodimlar biror bir mansabdor shaxsga, tijoriy yoki boshqa tashkilotda boshqaruv funksiyalarini bajaruvchi shaxsga, xorijiy mansabdor shaxsga yoki jamoat xalqaro tashkilotining mansabdor shaxsiga Jamiyat nomidan yoki uning manfaatlarini ko’zlab har qanday shaklda noqonuniy haq to’lashni taklif qilishi, bu haqda va’da qilishi, bunga ruxsat berishi yoki taqdim etishi mumkin emas;
- Xodimlar biror bir tashkilot, jismoniy yoki mansabdor shaxslardan hech qanday shaklda noqonuniy mukofot talab qilishi yoki uni qabul qilishi mumkin emas.
10. Yakuniy qoidalar.
10.1. Mazkur kodeks Direktor tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab kuchga kiradi va uning ijrosi barcha Xodimlar uchun majburiydir.
10.2. Kodeksda ko’rsatilmagan barcha boshqa shartlar O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va Jamiyatning mahalliy meyoriy hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
10.3. Kodeksga Direktorning buyrug’i bilan o’zgartirishlar kiritilishi mumkin, ular tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga kiradi.